O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 512-moddasiga ko'ra Renta shartnomasi muvofiq bir taraf (renta oluvchi) ko'chmas yoki ko'char mol-mulkni boshqa tarafga (renta to'lovchiga) mulk qilib beradi, renta to'lovchi esa olingan mol-mulk o'rniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni ta'minlash uchun boshqa shaklda mablag' berish tarzida renta to'lash majburiyatini oladi.

Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot bo'lgan muddat mobaynida to'lash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yo'l qo'yiladi. Umrbod renta fuqaroni o'z qaramog'iga olgan holda umrbod ta'minlash sharti bilan belgilanishi mumkin.

Fuqarolik kodeksining 513-moddasiga asosan, Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, ko'chmas mol-mulkni renta to'lash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat ro'yxatidan ham o'tkazilishi lozim.

Renta shakli asosan ikki xil guruhga ajraladi:

doimiy renta;

umrbod renta.

Doimiy rentani   qonunga zid kelmasa , ularning faoliyat maqsadiga mos bo'lsa fuqarolar va notijorat tashkilotlari olishlari mumkin.

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, doimiy renta shartnomasi bo'yicha renta oluvchining huquqlari ushbu moddaning birinchi qismida ko'rsatilgan shaxslarga talabdan voz kechish yo'li bilan topshirilishi va vorislik bo'yicha yoki yuridik shaxslar qayta tashkil qilinganda boshqa shaxslarga o'tishi mumkin.

Doimiy renta pul bilan to'lanib, u renta to'lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkka o'xshash mol-mulkni ijaraga berishda qo'llaniladigan mol-mulkdan foydalanish haqining o'rtacha stavkasi doirasida shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda, renta to'lash sharti bilan pul summasi topshirilganda esa ushbu kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan bank foizining tegishli darajada joriy etilgan stavkasi doirasida bo'ladi.

Shartnomada rentaning pul summasiga teng qiymatdagi ashyolarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmat ko'rsatish yo'li bilan ham renta to'lash nazarda tutilishi mumkin.

Agar doimiy renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, mol-mulkdan foydalanish haqining tegishli stavkasi yoki bank foizi stavkasi o'zgarsa, to'lanadigan renta miqdori ham mutanosib ravishda o'zgaradi.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, doimiy renta yilning har bir kalendar choragi tugashi bilan to'lanadi.

Umrbod renta mulkini renta to'lash sharti bilan topshirayotgan fuqaro hayot bo'lgan davrga yoki u ko'rsatgan boshqa fuqaro hayot bo'lgan davrga belgilanishi mumkin.

Umrbod rentani bir necha fuqaro foydasiga belgilashga yo'l qo'yiladi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi.

Chunonchi shartnomada boshqacha tartib ko'zda tutilgan bo'lmasa, renta oluvchilarning biri vafot etgan taqdirda uning renta olish huquqidagi ulushi undan keyin hayot bo'lgan renta oluvchilarga o'tadi, oxirgi renta oluvchi vafot etgan taqdirda renta to'lash majburiyati bekor bo'ladi.

Shartnoma tuzilgan paytgacha vafot etgan fuqaro foydasiga umrbod renta belgilaydigan shartnoma o'z-o'zidan haqiqiy emas.

Umrbod renta shartnomada renta oluvchi hayot bo'lgan davrda unga vaqti-vaqti bilan to'lanadigan pul summasi sifatida belgilanadi.

Umrbod rentaning shartnomada belgilanadigan bir oylik miqdori qonun hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan oz bo'lmasligi kerak, Ushbu kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa oshirilishi lozim.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo'lmasa, umrbod renta har bir kalendar oy tugashi bilan to'lanadi.

Uychi yuridik xizmat ko'rsatish

 markazi bosh yuristkonsulti  :                                                  Sh.Dadaboyev